Rasman: raqqosalarga pul qistirgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari ishdan olindi

  • 15:43 / 14.06.2021
  • 326

Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Mirzayev va Sirdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati ma’lum qilgan.

Xabarga ko‘ra, Sirdaryo tumani hokimi qarori bilan Sirdaryo tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Mirzayev Sheraliyevich 2021-yil 14-iyun kunidan o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
U ushbu lavozimga 2021-yil may oyi boshida tayinlangan edi.

Shuningdek, Sirdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov ham 2021-yil 14-iyun kunidan o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sirdaryo tumani hokimligi mas’ullari va davlat tashkilotlari rahbarlari aks etgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabati berilgan edi.