Rasul Kusherbayev: fuqaro haqorat emas tanqid qilsa ham qamaladi, hokim esa…

  • 14:45 / 02.01.2020
  • 1885

Avvalroq, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Otabek Nuritdinov” taxallusi bilan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinovning tuhmat, haqorat va bezorilikda ayblanib 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolangani yuzasidan Andijon viloyat hokimligining video murojaati e’lon qilingan edi.  

Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu video murojaatga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillarining so‘zlariga munosabat bildirdi.

Uning yozishicha: “Otabek Nuriddinovning mas’ullar ishini tanqid qilgani uchun Asakadagi bir guruh mansabdorlar tomonidan o‘zaro til biriktirib jazolatgani yana ham oydinlashmoqda. Shu o‘rinda Andijon viloyati hokimiyati matuot xizmati tomonidan o‘ta noxolis, ishonchsiz va bir yoqlama tayyorlangan bayonotni ko‘rib chiqib, ularga quyidagilarni eslatmoqchiman. 

Birinchidan, fuqaro-bloger ishlatgan xaromi, degan so‘z haqoratga kirmaydi. Bu Farg‘ona misolida o‘z isbotini topgan. 

Ikkinchidan, bir fuqaroning ortidan poylab qadamba qadam yurib, materiallar to‘plash IIB xodimi uchun pastkash ish. Men bilgan "forma" kiyganlar mard va oliyjanob, eng muhimi haqiqiy erkak kishilar. Xaliyam bu fikrimda qolaman: ularga pastkashlik yarashmaydi. 

Uchinchidan, fuqaro-bloger ustidan arz qilganlar ushbu fuqaro tomonidan tanqidga uchragan shaxslar bo‘lgani bois, bu ishni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinishida xolislik bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Aylanib ham o‘rgilib ham fuqaro mas’ullarning faoliyatini tanqid qilgani uchun jazolangani faktligicha qolayapti. Bu fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida juda yomon signal. 

To‘rtinchidan, qonunlarni amalga tabiq qilishda tenglikka rioya qilinmay mansabdorlar uchun o‘ta yengil yondoshuv fuqaro uchun o‘ta og‘ir yondoshuv bo‘lmoqda. Hokim haqorat qilsa isbotlanmaydi yoki nari borsa kechirim so‘raladi, fuqaro haqorat emas tanqid qilsa ham qamaladi. 

Beshinchidan, eng yomoni uyushtirilgan shu ishni ko‘rib chiqib, adolatli qaror qabul qilish imkoni bo‘lgan sud ham adolatsizlik qilib, O‘zbekiston nomidan bir fuqaroni fikr bildirgani, tanqid qilgani va o‘zining fuqarolik pozisiyasini namoyon qilgani uchun jazolagan. Essiz, zo‘ravonlik asli biz suyangan, ishongan, mustaqil qilamiz va taqdirimizni ishonamiz, degan dono sud orqali qilinmoqda. Xayf bo‘lsin. 

Bundan chiqdi vaziyatdan kelib chiqib, fuqaro sifatida konstitusiyaviy huquqimdan foydalanib bildirgan tanqidiy fikrlar uchun ham meni sud qarori bilan jazo kutmoqdami?  

So‘nggida aytar so‘zim: Asaka mas’ullari hayf sizga, siz adolatsiz, tanqidni ko‘tara olmaydigan, davlat rahbari namuna bo‘lib olib borayotgan ochiqlik yo‘lidagi islohotlarni tushunmaydigan, o‘z o‘rniga nomunosib shaxslar ekansiz. Yaxshisi o‘rningiz xalqparvar, adolatli, davlat rahbarining siyosatini to‘g‘ri anglab qo‘llab quvvatlaydiganlarga bo‘shatib bering!” – deyiladi o‘zining shaxsiy sahifasida.