Ravshan Ermatov "Atletiko Madrid"ning O‘zbekistonga kelishiga oid xabarlarga munosabat bildirdi

  • 09:57 / 24.05.2021
  • 266

Toshkentdagi "Besh tashabbus" festivalida Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov yoshlar hamda OAV vakillari bilan uchrashdi. 

Uchrashuv avvalida, Ravshan Ermatov yaqinda turizm va sport vaziri “Atletiko Madrid” klubi vakillari bilan uchrashganini eslatib o‘tdi. Unda ispaniyaliklar bilan tajriba almashish, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish, murabbiylarni Ispaniyaga malaka oshirishga yuborish hamda yosh o‘zbekistonlik futbolchilarni klub akademiyasiga joylash kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.  

Yoshlarning murojaat va takliflariga javob bergan Ermatov, O‘zbekistonda sportning futbol turini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, shu yildan hakamlarning malakasi muntazam oshiriladi, o‘yinoldi “uchrashuv”larga chek qo‘yish maqsadida hakamlar hamda jamoalar bosh murabbiylari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Ermatov bolalarni futbol akademiyalariga qabul qilish jarayonida korrupsiya holatlari uchrab turayotganini ta’kidlab o‘tdi. Buni oldini olish maqsadida qabul jarayonlariga videokuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda. 

Bundan tashqari, qo‘mita raisining o‘rinbosari FIFA O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘rib, O‘zbekistonda 17 yoshlar o‘rtasida jahon chempionatini o‘tkazishga ruxsat berishi mumkinligi e’lon qildi.