“Real Madrid” shu yozda Mbappeni sotib ololmasligi ma’lum bo‘ldi

  • 13:30 / 09.06.2021
  • 115

PSJning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappening yozda Madridning “Real” klubiga o‘tmaslik ehtimoli oshib bormoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, Ispaniya klubi joriy transfer oynasida fransuz futbolchisini qo‘lga kirita olmasligini tushungan. Bunga Parij klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfining Mbappe PSJdan ketmasligi haqida bildirgan so‘nggi bayonotlari asosiy ta’sir ko‘rsatgan. 

O‘z navbatida “Qirollik klubi” bu masalaga keyingi transfer davrlarida qaytishni rejalashtirmoqda. Madrid jamoasi 22 yoshli futbolchining PSJ bilan 2022-yilda tugaydigan shartnomasini uzaytirmasligiga umid qilmoqda.

Avvalroq, may oyida PSJ Mbappe bilan shartnomani uzaytirish borasida kelisha olmagani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘shanda klub hujumchini 120–150 million yevroga sotishni rejalashtirgan.

Qayd etilishicha, parijliklar ushbu mavsum barcha musobaqalarda 47ta o‘yin o‘tkazib, 42ta gol, 11ta assist muallifiga aylangan futbolchining transferidan 200 million yevrogacha mablag‘ ishlab olishni ko‘zlagan.

Ma’lumot uchun, Mbappe 2018-yilda 145 million yevro evaziga “Monako”dan PSJga ko‘chib o‘tgan edi. Shundan beri hujumchi parijliklar safida jami 171ta o‘yinda maydonga tushib, 132ta gol urgan va 36ta golga uzatma amalga oshirgan.