“Real” prezidenti Ramos bilan xayrlashuv marosimiga tayyorgarlik ko‘rmoqda 

  • 05:50 / 10.06.2021
  • 85

Himoyachi Serxio Ramos faoliyatini “Real”da davom ettirishga umid qilyapti.

Ispaniyalik futbolchi yana bir marta Madrid klubi prezidenti Florentino Peres bilan suhbatlashib ko‘rmoqchi. Agar shunday suhbat amalga oshsa, Ramos klub unga qo‘yadigan shartlarni qabul qilishi mumkin.

Serxioga uning do‘stlari Luka Modrich va Lukas Vaskesning jamoa bilan o‘z shartnomalarini yangilaganliklari ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, ispaniyalik bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan Karlo Anchelotti “Real” bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangani ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Avvalroq, 35 yoshli himoyachi ish haqini 10 foizga qisqartirish bilan, bir yillik shartnomani bir necha marta rad etgan edi. Boisi Ramos ikki yillik bitim tuzishni istagan. 

Shunga qaramay, “Real Madrid”ning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Dastlab, “Qirollik klubi” Ramos bilan shartnomani uzaytirmoqchi edi, ammo uning  qayta-qayta yangragan rad javobi rahbariyat bilan munosabatlarning butunlay yomonlashishiga olib keldi. Shu sababli, “Real” prezidenti Florentino Peres Ramos bilan xayrlashuv marosimiga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda.

– Serxio “Real”da qolishni va faoliyatini ushbu klubda tugatishni xohlamoqda. Ammo endi, qaror faqat ungagina bog‘liq emas, – deya ta’kidlamoqda Ramosning atrofidagilari.

Ma’lumot o‘rnida, ortda qolgan mavsum, ispaniyalik futbolchi barcha musobaqalarda 21 o‘yin o‘tkazdi va 4ta gol urib, 1ta assist amalga oshirdi.