O‘tmishiga bog‘lanib qolganlar uchun: Reallikni qabul qilishni o‘rganamiz

  • 12:52 / 19.09.2021
  • 211

O‘tmish bilan bir umr yashab bo‘lmaydi. Ammo shunga qaramay oramizda o‘tmishdagi xotiralar, insonlar va his-tuyg‘ular bilan yashayotganlar ham bor. Unutmang, biz unutishni istamaydigan narsalarning bari ongimiz ustidan nazorat qiladi. Ularni qabul qilish va unutish esa aksincha, bizni xalos etadi.
 
O‘tmishdagi og‘riq yoki xafagarchiliklar bilan kurashmang
Biz doim ich-ichimizda yashirinib yotgan savollarga javob qidiramiz: kitoblar o‘qiymiz, ruhiyat bilan bog‘liq trening-seminarlarga qatnaymiz, psixologga boramiz. Ammo ba’zida bu kabi yondashuvlar insonga yordam beravermaydi. Oqibatda o‘tmishdan qolgan yaralar yana yuzaga qalqib chiqadi. Ulardan imkon qadar uzoqroqqa qochib ketgingiz keladi. Biroq bir umr o‘zingizdan o‘zingiz qochib yura olmaysiz. Aksincha, ularga tik boqishga harakat qiling.

Og‘riqdan qancha ko‘p qo‘rqsangiz, unga shuncha ko‘p kuch ato etgan bo‘lasiz. Kurashni to‘xtatish esa o‘zingizga yengillik beradi. To‘g‘ri, biz ruhiy muammolarga duch kelgan odamlarga harakat qiling, kurashing, sabr qiling, g‘olib bo‘ling kabi maslahatlarni ko‘p beramiz. Lekin ba’zida kurashishni bas qilishning o‘zi muammoning yechimi bo‘lishi mumkin. Hayotni anglagan holda yashash uchun inson erkin va oqlash kabi tuyg‘ulardan xalos bo‘lgan bo‘lishi kerak.
 
O‘tmishdan yaxshilik qidiring
O‘tmishda o‘zimiz bilan sodir bo‘lgan qandaydir bir yoqimsiz holatni eslasak, biz doim yomonlikni ko‘rishga harakat qilamiz. Aslida, nimaiki bo‘lsa yaxshilikka, deyishganida jon bor. Ulardan ham yaxshilik bor, biroq biz uni ko‘ra olmaymiz.


Yomonlikni o‘zimiz bilan olib yurishimiz sabab kelajagimiz ham o‘tmishga o‘xshab qoladi. Agar yomonlikdan ham qandaydir bir foyda yoki yaxshilik topa olsangiz, hammasi aksincha bo‘ladi. Inson xatolarida o‘rganadi, ulg‘ayadi. Har bir xatodan nimani o‘rgandingiz? Mana shu o‘rganganlaringiz yutug‘ingizdir.
 
O‘zingizga o‘zingiz yordam berolmasangiz, sizga hech kim yordam bera olmaydi!
O‘tmishni unutib o‘zingizda kelajak uchun joy ajratasiz. O‘tmishga yopishib yurish esa yana o‘sha xatolarni qaytarishingizga sababchi bo‘ladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa:

• Minnatdor bo‘lishni o‘rganing. Bu barcha muammolaringizni hal qila olmaydi, ammo ularga bo‘lgan sozlanishni o‘zgartira oladi. Bu hayotdan oddiy fakt, deb qabul qilishga odatlangan narsalarni yaxshilik deb qabul qilishga o‘rgatadi.

• Atrofingizni o‘zgartiring. Ular xulq-atvoringizga ham, tuyg‘ularingizga ham jiddiy ta’sir qiladi. O‘tmish bilan bog‘liq narsalarning barini yondirib tashlash shart emas. Bor-yo‘g‘i, atrofingizda kim bo‘lishni istaysiz va nimalarga erishishga intilyapsiz? Mana shular bilan to‘lgani yaxshi.

• Psixoterapevt bilan gaplashish kerakdir? Nazarimda, hayotda bir marta bo‘lsa ham psixoterapevt bilan suhbatlashish kerak. Psixoterapevt u tana va ong uchun trenerdek gap. U sizdagi vaziyatga obyektiv munosabat bildira oladigan odam. Uning tavsiyalari sizga faqatgina yordam bo‘ladi.

• O‘zingizga doim g‘amxo‘rlik qiling. Sizni birovlar xursand qilishini kutsangiz, hali ko‘p kutishingizga to‘g‘ri keladi. Eng yaxshisi, o‘zingizga o‘zingiz mehribonlik ko‘rsatishdir. Qalbingiz uchun yoqimli ishlar qiling, sport bilan shug‘ullaning, sayohat qiling, yangi xobbi kabi zavq beruvchi yumushlar siz uchun ayni muddao bo‘ladi.
 
Tasavvur qiling: Sizga qanday imkoniyatlar ochilishi mumkin?

Har birimiz asosan uchta ssenariy bilan yashaymiz:
1. Biz tasavvur qilganlarimiz...
2. Hozirda bor narsalarimiz...
3. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalar...
 
Ba’zida xatti-haraktalarimiz, intilishlarimiz kutilgan natijani bermaydi. Mana shu narsaga to‘qnash kelgan odam hamma narsadan qo‘lini siltab qo‘yadi. Hafsalasi pir bo‘ladi. Aslida, mana shunday vaziyatda yuqorida keltirilganlardan uchinchisi ssenariyga tayanish kerak bo‘ladi. Ya’ni, mavhumlik. Ko‘pincha, biz uni qo‘rquv va xavotir bilan bog‘laymiz. Hayotda tushunish hissi ko‘pincha ortga nazar tashlagan vaqtdagina paydo bo‘ladi. Agar doimo yaxshilik kutib yashasangiz, albatta, yaxshilikni olasiz...