Respublikaning har bir tumanida matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi

  • 10:55 / 08.05.2020
  • 430

Respublikaning har bir tumanida (shahrida) matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

Bu borada kecha, 7-may kuni Prezidentning “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligiga 2020-yil 1-noyabrga qadar Ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek belgilanishicha, Ixtisoslashtirilgan maktablarda:

maktab direktori tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi;

maktab direktori O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

matematika fani chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinflar bosqichma-bosqich, mavjud ehtiyoj va o‘quvchilarning qobiliyatidan kelib chiqib tashkil etiladi;

o‘quvchilar belgilangan tartibda tanlov asosida saralab olinadi;

matematika fani chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinf bitiruvchilari tegishli oliy ta’lim muassasalarining matematika ta’lim yo‘nalishlariga ular uchun belgilangan maqsadli parametrlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinadi.