Ronald Kuman “Barselona”da qoladimi? Yakuniy qaror qabul qilindi

  • 10:17 / 04.06.2021
  • 94

Kataloniyaning “Barselona” jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kumanning klubdagi kelajagi borasida yakuniy qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Barselona” klubi direktorlar kengashi yangi mavsumda ham jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Ronald Kumanga ishonch bildirishga qaror qildi.

Klubning twitterdagi rasmiy sahifasida ma’lum qilinishicha, niderlandiyalik mutaxassis 2021/22-yilgi mavsumda ham “ko‘k-anorranglilar”ga ustozlik qiladi. 

“Bir muncha muhokamalardan so‘ng, biz Ronald Kuman bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qildik. Uning jamoa bilan amaldagi shartnomasi mavjud”,– deya klub prezidenti Joan Laportaning so‘zlarini keltirgan “Barsa”ning twitterdagi rasmiy sahifasi.

Eslatib o‘tish mumkin, Kuman murabbiyligidagi “Barselona” mavsum yakunlariga ko‘ra, 79 ochko bilan La Ligada 3-o‘rinni egalladi. Eng nufuzli turnirlardan biri hisoblangan YeChLda esa jamoa 1/8 final bosqichida turnirni tark etdi. O‘z navbatida, Kuman jamoadagi dastlabki sovrini sifatida, yakuniga yetgan mavsumda  Ispaniya kubogiga ega chiqdi.