Rossiya korxonasi 47 nafar o‘zbekistonlik bilan mehnat shartnomasini bekor qildi

  • 10:25 / 24.09.2021
  • 118

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Rossiyaning Perm shahridagi qurilish ob’yektlarida ishlash uchun kelgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining va’da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, qishki maxsus kiyimlar bilan ta’minlanmagani haqidagi murojaati yuzasidan ma’lumot berdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari o‘rtasida 2017-yil 5-apreldagi tegishli Bitim ijrosini ta’minlash, fuqarolarni xorijiy davlatlarda munosib ish o‘rinlariga jalb qilish maqsadida 2021-yilning 21-may kuni Rossiyaning “Resurs+” MChJ bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan.

Ushbu kelishuvga muvofiq, iyun-avgust oylarida Andijon (8), Namangan (4), Farg‘ona (351) va Qashqadaryo (47) viloyatlaridan 410 nafar fuqaro tashkillashtirilgan tartibda Perm o‘lkasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Ushbu fuqarolarning Rossiyaga borishi bilan bog‘liq transport xarajatlari ham “Resurs+” korxonasi hisobidan qoplangan.

Biroq, ishlash uchun yuborilgan fuqarolarning 47 nafari mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarini buzib, mehnat shartnomasi talablariga rioya etmagan. Xususan, spirtli ichimliklarni ish joyida iste’mol qilish kabi holatlar muntazam kuzatilganligi sababli, ushbu mehnat migrantlari bilan mehnat shartnomalari muddatdan oldin bekor qilinib, O‘zbekistonga qaytarilgan.

Fuqarolarning ishlagan davri uchun oylik ish haqi, ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarni qaytarish masalalari Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va ish beruvchi korxona o‘rganib chiqilmoqda.