Rossiya tomoni bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi

  • 17:53 / 14.04.2021
  • 244

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi V. Matviyenko bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat prezidentlarining kuchli siyosiy irodasi hamda alohida shaxsiy munosabatlari sharofati bilan ikki tomonlama hamkorlik barcha darajalarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

V. Matviyenko O‘zbekistonda fuqarolarning farovonligini oshirish maqsadida ochiq demokratik jamiyat qurishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohada jadal amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lajak tashrifi munosabati bilan oliy darajadagi uchrashuv kun tartibini mazmunan boyitish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami tayyorlandi. Parlamentlar ularni amalda ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shishi kerak.

Federasiya Kengashi Raisi O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomini olganligini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Ushbu Tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik O‘zbekiston-Rossiya munosabatlariga yangicha turtki berishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu nuqtai nazardan, ikkinchi Hududlararo hamkorlik forumini o‘tkazish muhimligiga urg‘u berildi.

Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash masalalari, “Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbar ayollari bilan muloqot” platformasi faoliyati ko‘rib chiqildi.
Bag‘rikenglik masalasida O‘zbekistonning boy tajribasini inobatga olgan holda, Rossiya tomoni 2022-yil may oyida o‘tkaziladigan Dinlararo va millatlararo muloqot bo‘yicha Butunjahon konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda faol ishtirok etishga taklif qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.