Rossiyadagi migrantlarning huquqiy maqomi 15-iyungacha qonuniylashtirilishi kerak – Migratsiya agentligi

  • 15:52 / 12.06.2021
  • 150

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi 791-sonli farmoniga ko‘ra, mehnat migrantlarining mamlakatda vaqtincha bo‘lib turish muddati 2021-yil 15-iyungacha uzaytirilgan edi. 

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi RF IIV bilan o‘rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo‘lgan 300 ming nafardan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro‘yxati shakllantirilganini ma’lum qildi.

“Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federastiyasi hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 15-iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz”, – deyiladi Agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma’muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish chorlari qo‘llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo‘limidan qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib asosida 2020-yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar o‘zbekistonlik fuqarolarning maqomi qonuniylashtirilgan.