Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolarining ortga qaytishi uchun 4 ta maxsus yoʻlovchi poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

  • 20:40 / 14.10.2021
  • 100

Pandemiya davrida Rossiya davlatida qolib ketgan fuqarolarni mamlakatga qaytishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Voljskiy-Toshkent” yoʻnalishida 483-sonli yoʻlovchi poyezdining 4 ta maxsus reysi yoʻlga qoʻyiladi, deya xabar bermoqda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ.

Qayd etilishicha, mazkur poyezdlar joriy yil 22-, 25-, 29-oktyabr hamda 1-noyabr kunlari soat 20:57 da “Voljskiy-Toshkent” yoʻnalishida harakatini amalga oshiradi.

Ushbu poyezdlarga faqat bir tomonga, yaʼni “Voljskiy-Toshkent” yoʻnalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlum qilinishicha, Rossiyadagi fuqarolarning yaqinlari Oʻzbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining е-ticket.railway.uz veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, joʻnatishlari ham mumkin.