Rossiyaga jo‘natish uchun soxta hujjatlar tayyorlagan firibgar ushlandi

  • 18:46 / 20.04.2021
  • 83

Andijonda Rossiyaga soxta hujjatlar bilan yubormoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon shahrida yashovchi 25 yoshli I.S. “Farg‘ona” xalqaro aeroporti oldida mahalliy fuqaro bilan uchrashib, unga o‘zini sayyohlik firmasi xodimi sifatida tanishtiradi hamda uni Rossiya Federatsiyasiga ketishiga yordam berishini aytadi.

Firibgar shaxs fuqaroning jo‘nab ketishida zarur bo‘ladigan aviachipta, Rossiya Federatsiyasining tibbiy muassasalarida davolanish uchun taklifnoma hamda koronavirus kasalligi aniqlanmaganligi to‘g‘risida PZR-test ma’lumotnomasini tayyorlab berishini ma’lum qiladi va xizmati evaziga 1 200 AQSh dollari so‘raydi.

DXX va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda I.S. ushbu fuqaro nomiga qalbaki ravishda tayyorlangan RFning tibbiy muassasalarida davolanish uchun taklifnoma va PZR-test ma’lumotnomasini berib, undan 1 100 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda I.S. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.