Samarqand hokimi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining sovrindorlariga uy sovg‘a qildi

  • 10:47 / 15.09.2021
  • 73

Samarqand shahrida Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda viloyat hokimi E.Turdimov qatnashib, barcha Olimpiyachilarimizni erishilgan muvaffaqiyat bilan tabrikladi.

“Hammamiz musobaqani katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib bordik. Shuni alohida mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchimanki, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish va unda ishtirok etishning o‘zi bir sharafdir. Shunday ekan, unda ishtirok etgan barcha sportchilarimizga va ularning ustoz, murabbiylariga alohida minnatdorchilik bildiraman”, – dedi viloyat hokimi.

Ta’kidlash joiz, Samarqanddan Olimpiada o‘yinlarida 10 nafar, Paralimpiya o‘yinlarida esa 4 nafar sportchilari ishtirok etib, qator medallarga sazovor bo‘lishdi. 

Paralimpiya chempioni Husniddin Norbekovga Samarqand shahridan uch xonali, Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi Parvina Samandarova hamda dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindori Davlat Bobonovga esa ikki xonali uyning kaliti topshirildi.
Shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun lisenziyani qo‘lga kiritgan sportchilarga Samarqand shahridan boshlang‘ich to‘lovi to‘langan ikki xonali uy hamda ularning murabbiylariga 25 million so‘mdan pul mukofoti berildi.