Samarqandda giyohvand o‘simlik yetishtirib kelgan fuqaro qo‘lga olindi

  • 11:02 / 16.06.2021
  • 166

Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi fuqarolar o‘z uyida giyohvand o‘simligini yetishtirayotganligi aniqlandi, – deya xabar bemoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Xabarda aytilishicha, shu yilning 13-iyun kuni Nurobod tuman IIB va tuman DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida, tumanning “Chortut” mahallasida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan fuqaro D.K. uydagi ekin maydonida 87 tup “kannabis” giyohvand o‘simligini yetishtirib kelayotganligi aniqlangan. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand o‘simlikni fuqaro D.K. o‘zining iste’moli uchun ekib, parvarishlab kelgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan JKning 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida bir oyda jami 3 sotixga yaqin maydonga ekilgan giyohvand o‘simliklari yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.