Samarqandda o‘qituvchi kaltaklandi. Kaltaklanishiga uning o‘quvchilarga bergan tanbehi sabab bo‘lgan

  • 16:14 / 31.05.2021
  • 95

Ayrim internet nashrlarida Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 59-maktabning direktori o‘rinbosari Abbos Sultonov o‘quvchining yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqida maqola e’lon qilindi. 

Samarqand viloyati Xalq ta’limi bo‘limi xabariga ko‘ra, joriy yil 26-may kuni sodir bo‘lgan ushbu holatning kelib chiqishiga maktab direktori o‘rinbosari A.Sultonovning imtihonlarga kechikib kelgan o‘quvchilarga bergan tanbehi sabab bo‘lgan. 

Uning o‘quvchidan tartib-intizomni talab qilgani, imtihon jarayonlarida o‘z vaqtida ishtirok etishni so‘ragani 9-"A" sinf o‘quvchisi A.Sh. va uning ba’zi yaqinlariga yoqmaydi.  

Ya’ni A.Sh. shu kun amakisining o‘g‘illari M.Sh. va S.Sh.larni maktabga birga olib kelgan, ular direktor o‘rinbosarini xizmat xonasida urishib, unga tan jarohati yetkazishgan.

Ushbu holat bo‘yicha 31-may kuni Tayloq tuman IIB huzuridagi TB tomonidan M.Sh. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

A.Sultonov olgan jarohatlari tufayli bir kun davomida shifokorlarning nazoratida bo‘lgan va ayni vaqtda ahvoli yaxshi.

Mavzuga oid:

Qashqadaryoda o‘qituvchi ayollar kaltaklandi

Asakada o‘qituvchi do‘pposlagan o‘quvchi uning o‘z o‘g‘li bo‘lib chiqdi