Samarqandda O‘zbekistonga 7 kilodan ortiq “narkotik”ni olib kirgan xorij fuqarosi qo‘lga olindi

  • 14:18 / 01.06.2021
  • 164

Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida “Samarqand - Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi Sirdaryo viloyatidagi “Yangiobod” YPX maskanida to‘xtatildi.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan chet el fuqarosi hamda Toshkent shahrida yashovchi mahalliy fuqaro yonida 3 kg 165 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi hamda 35 dona psixotrop tabletka borligi aniqlanib, prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ular mazkur giyohvand moddalarni Samarqand shahridagi avtoturargohda xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi bo‘lgan chet el fuqarosidan 15 ming AQSh dollariga sotib olganliklari ma’lum bo‘ldi.  

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu xorijlik haydovchi vaqtincha bo‘lib turgan Samarqand shahridagi avtoturargoh hamda uning boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning salon qismida 15 ming AQSh dollari hamda u tomonidan avtoturargohning yordamchi binosiga yashirib qo‘yilgan 3 kg 960 gr. “opiy” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, Afg‘onistonda yetishtirilgan ushbu narkotik moddalar uchinchi davlat orqali O‘zbekistonga olib kirilgan.