Samarqandda tormozi ishlamay qolgan “Gazel” jarlikka tushib ketdi

  • 11:28 / 03.06.2021
  • 183

Joriy yil 2-iyun kuni soat 10:00larda Urgut tumani, Omonqo‘ton mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1031-kilometrida harakatlanib ketayotgan “Gazel” rusumli yuk avtomobilning “radiator” suvi qaynab ketganligi bois avtoulov tik balandlikda to‘xtagan.

Haydovchi qo‘l tormozini ko‘tarib, suv olish uchun avtomobildan tushgan vaqtida, transport vositasi kutilmaganda, to‘xtagan joyidan harakatlanib, jarlikka tushib ketgan.

Hodisa natijasida avtomobilga texnik zarar yetgan. Ushbu YTHdan tan jarohati olganlar yo‘qligi aytilmoqda. Hozirda, mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIO FMB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi barcha haydovchilarni o‘z boshqaruvlaridagi transport vositasining texnik sozligiga e’tiborli bo‘lishga va yo‘llarda ehtiyotkorlik bilan harakatlanishga chaqirmoqda.