Sankt-Peterburgdagi teraktda ayblangan Shohista Karimova O‘zbekistonga qaytarilishi mumkin

  • 10:58 / 29.05.2021
  • 111

O‘zbekiston XDP Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) dan Peterburgda teraktda ayblangan o‘zbekistonlik Shohista Karimova ishini o‘rganib chiqishni so‘ramoqda.

Partiya o‘z so‘rovnomasida O‘zbekistonning har bir fuqarosi davlat himoyasida ekanligidan kelib chiqib, hech bir fuqaroni e’tibordan chetda qoldirish mumkin emasligi, avvalo uning ayol ekanligi, yoshi, bemorligi, ichki qon ketishi va tushunarsiz nevrologik kasalliklarini inobatga olgan holda, jazosini yumshatish yoki jazoni O‘zbekistonda o‘tashi uchun ekstraditsiya qilish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 3-aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining “Сенная площадь” va “Технологический институт-2” bekatlari oralig‘ida harakatlangan poyezd vagonida portlash sodir bo‘lib, 14 kishi halok bo‘lgan edi.

Tergov xulosasida teraktni 1995-yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, millati o‘zbek Akbarjon Jalilov amalga oshirganligi ma’lum qilingan. Unga sud hukmiga ko‘ra, 28 yil qamoq jazosi belgilangan. 

Bundan tashqari, uning 10 nafar sherigiga ham hukm o‘qilgan. Ular orasida kafeda sabzavot yetkazib beruvchi bo‘lib ishlagan Shohista Karimova ham bor edi. 

2019-yil dekabr oyida sudya unga 20 yil qamoq jazosi bergandan keyin, Shohista Karimova sud zalida hushidan ketgan. Ammo mahalliy telekanallarda Karimovaning sud zalini kishanlarda jazavaga tushgan holda tark etayotgani ko‘rsatilgan. 

Hukm o‘qilganlarning barchasi o‘z aybiga iqror bo‘lmagan, jumladan, Karimova ham. Uning ishi hamon appelyatsiya jarayonida.