“Sardoba toshqini”dan ayrim ixtisoslashgan tarmoqlar qancha so‘mlik zarar ko‘rgani ma’lum qilindi

  • 10:23 / 26.05.2021
  • 200

Kecha, 25-may kuni Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Tanzila Narbayeva raisligida o‘tkazilgan majlisda Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda bir qator masalalar, xususan, Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, texnogen holatdan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisiga tezkorlik bilan zarur yordam ko‘rsatilgan edi.

Shuningdek, Senat a’zolari joylarga chiqib tadbirkorlik sub’yektlari, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud holatni o‘rganib chiqqan edi. Bu masala Oliy Majlis Senati tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Joriy yil aprelida Sirdaryo viloyatida suv toshqini talofatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida Hukumat komissiyasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’yektlariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigasiya va meliorasiya tarmoqlarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ miqdori – 126 mlrd. so‘m hisoblab chiqilgan.

Senat Kengashi talab etiladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi byudjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma’qulladi.