“Saylovoldi va’dalar borgan sari xarajatli bo‘lib bormoqda” – iqtisodchi bepul nonushta haqida

  • 16:47 / 22.09.2021
  • 194

Nomzodlarning saylovoldi va’dalari borgan sari xarajatli bo‘lib bormoqda, deb yozmoqda iqtisodchi bloger Otabek Bakirov.

U nomzodlarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushta tizimini yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflariga e’tibor qaratdi.

Otabek Bakirov ushbu tizimning O‘zbekiston uchun yangilik emasligini aytib, misollar keltiradi.

“1991-1993-yillarda sosialistik narxlarning erkinlashtirilishi sharotida Islom Karimov ijtimoiy siyosatining bir qismi o‘laroq maktablarda beshinchi sinfgacha o‘quvchilarga bepul nonushta berilgan, talabalar oshxonalarida esa arzonlashtirilgan yemaklar tashkil etilgan.

O‘sha davrlarda maktab o‘quvchisi sifatida eslayman. Qishloq joylarda o‘quvchilarga sut va bulochka berilardi. Ko‘pchilik uyida sigir bo‘lgani uchun sut ko‘pincha ichilmasdi, yana svet yo‘qligi uchun qaynatishda muommolar bo‘lardi. Bulochka yeyilardi (non, ayniqsa oqnon, bulochka rostanam jiddiy muammo edi). Ba’zi kunlari non kombinati ishlamay bulochka kelmasdi. Yoki maktabda ichish tugul, idish yuvishga suv topilmasdi. 

Nima demoqchiman. O‘sha vaqtdan buyon maktabdagi sharoitlar yomonlashsa yomonlashdiki, aslo yaxshilanmadi. Ko‘p maktablarda elementar bufet va oshxona yo‘q, umuman nonushta tayyorlashga svet, suv, gaz kabi sharoitlar kerak bo‘ladi. Keytering xizmati-chi dersiz. Yo‘q. Toshkentdagi davlat buyurtmalarini emishga ixtisoslashgan uch-to‘rt firmani aytmasa, keytering bozori viloyatlarga va tumanlarga yetib bormagan.

Qolaversa, O‘zbekiston aholisida, hatto Xorazm va Qoraqalpoqda ham 90-yillardagi kabi ochlik va to‘yib ovqat yemaslik muammosi mavjud emas. Muammolarimiz yetarlicha, lekin harqalay bolalarimiz ochmas”, – deb yozadi iqtisodchi.

U xulosa o‘rnida o‘z qarashlarini ilgari surib, “bepul nonushta ma’murchiligi o‘ta qimmat, samarasiz esa o‘ta savolli xarajat” bo‘lishini yozmoqda.

“O‘ta muvaffaqiyatli kechgan tarzda ham hokimlarning cho‘ntagi bo‘lgan firmalarning byudjet emadigan qo‘shimcha daromad vositasiga aylanadi.
Shunday ekan, agar bolalarimizning rasioni bizni o‘ylantirayetgan bo‘lsa, kam ta’minlanganlar va bolalar puli summasini ko‘paytirish samaraliroq ko‘rinadi. Ma’murchilik risklari ham karrasiga kam.
Darvoqe, Karimov bepul nonushta tizimidan 1994-yildayoq voz kechgan. Kech bo‘lsayam, bepul nonushta o‘rniga pul berish samaraliroq ekanini anglagan, – deb yozadi Bakirov.