Sayohatga pul yigʻish uchun 5 tavsiya

  • 16:46 / 01.05.2021
  • 223

Sayohat qilish – juda koʻp mablagʻ talab qiladigan mashgʻulotday tuyuladimi? Har safar ta’til ostonasiga qadam qoʻyganingizda sayohat uchun byudjetingizda alohida pul yoʻqliga duch kelasizmi? Unda quyidagi tavsiyalar sizga yordam berishi mumkin.

 1. Sayohat uchun yetadigan mablagʻni aniq belgilang. 
Buning uchun sayohat maqsadi, uning qanday kechishi, qayerlarga borishingiz va nimalardan voz kechishingizni bilishingiz kerak. Ha, oxirgisi juda muhim! Sayohat davomida hamma narsaga ulgurishni xohlasangiz, pulingiz barvaqt tugab qolganiga guvoh boʻlishingiz mumkin. 
Sayohatga boradigan joyingiz va qiladigan ishlaringiz aniq boʻlsa, bu orzudan maqsad darajasiga oʻtadi. Yetarli summani belgilash ham osonlashadi. Eng minimal xarajatlar va sizga ogʻirlik qilmaydigan darajadagi xarajatlar miqdorini ham belgilash foydalidir.

 2. Davomli tarzda aniq miqdorda pul yigʻib boring.
Bir necha oy oldin sayohatni rejalashtirib, har oy ma’lum miqdorda pul yigʻishni belgilab qoʻying. Maoshingizdan qanchasini ajratsangiz, kundalik hayotingizni yuritishda qiynalmaysiz? Qimmat va orzungizdagi sayohatlarga alohida, kichik va kam xarajatli sayohatlarga alohida mablagʻ toʻplab borish varianti haqida oʻylab koʻring.

 3. Xarajatlarni kamaytiring.
Ayniqsa, sayohatga oz qolganida. Chunki bu paytda sayohatga oz qolganligi entiktiradi va xarajatlarning qisqargani unchalik qiynamaydi. Tayyor ovqatlar, kayfiyatni qisqa muddatga koʻtaruvchi buyumlar, koʻngilochar bazmlar – qaysi biriga qanday cheklovlar kirita olasiz?

 4. Daromadingizni oshiring.
Xarajatlarni qisqartirish varianti sizga yoqmasa, qoʻshimcha daromad yoʻllari haqida oʻylab koʻrish – sizni ruhlantirar? Hozirgi davrda buning yoʻllari koʻp, hatto uydan chiqishingiz ham shart emas.

 5. Sherik toping.
Har oy aniq bir summani yigʻishga irodangiz yetmasa, sizga oʻrnak boʻla oladigan va qoʻllab-quvvatlaydigan, sayohatsevar sherik toping. U siz bilan bitta sayohatga borishi shart emas, maqsadlaringiz oʻxshash boʻlishi yetarli.