Sayyoramizning eng chuqur nuqtasi – Mariana botigʻi haqida 10 fakt

  • 11:10 / 13.07.2021
  • 341

Tinch okeanining g'arbiy qismidagi ushbu chuqurlik moʻjizalarga toʻlib toshgan. Bu yerdagi suv bosimi haddan tashqari katta, shu sababli ham olimlar mazkur chuqurlikni bugungi qadar toʻliq oʻrgana olishmagan.

1. Mariana botigʻi (yoki Mariana novi) sayyoramizdagi eng chuqur nuqta hisoblanadi. U dengiz sathidan 10 994 metr chuqurlikda joylashgan.

2. “Chellenjer jari” esa Mariana novining eng chuqur nuqtasi sanaladi. Mazkur suv osti jarligiga 1875-yilda uning chuqurligini oʻlchab koʻrishga harakat qilgan dengizchilar kemasi nomi berilgan.

3. Mariana botigʻi tubida balandligi 2.5 kilometrni tashkil qiluvchi togʻ borligi aniqlangan.

4. Botiqning eng chuqur nuqtasiga ilk marta 1960-yilda maxsus batiskaf (suv osti apparati) da tushib koʻrishgan.

5. Sayyoramizdagi eng chuqur nuqtaga Mariana orollari sharafiga shunday nom berilgan.

6. 2012-yilda taniqli rejissyor Jeyms Kemeron chuqurlikka batiskaf ichida tushib koʻrgan va atrofni 3D-kamera yordamida tasvirga olgan. Eng qizigʻi, u insoniyat tarixida “Chellenjer jari”ga yolgʻiz oʻzi tushib koʻrgan birinchi odam boʻlgan.

7. Agar Everest togʻi Mariana botigʻi ichida boʻlganida, uning choʻqqisini 2 kilometr balandlikdagi suv yopib turgan boʻlardi.

8. Mariana chuqurligidagi suv bosimi dengiz sathidagi oʻrtacha atmosfera bosimidan 1072 karra yuqori. Botiq suvi harorati esa +1- +4 ⁰C ni tashkil qiladi.

9. Hattoki mana shunday chuqurlikda ham hayot mavjud. Olimlar Mariana chuqurligida ulkan amyoba yashashini aniqlaganlar. Ushbu bir hujayrali organizm tanasining diametri 10 santimetrni tashkil qiladi.

10. Mariana botigʻi dunyodagi eng katta dengiz qoʻriqxonasi hisoblanadi.