Senat o‘simlik yog‘ini QQSdan ozod qilish haqidagi qonunni ma’qulladi 

  • 10:58 / 24.04.2021
  • 149

Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritilib, unga ko‘ra 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar: 
– mamlakat hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
– o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizasiya qilish bo‘yicha mablag‘lar aylanmasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmoqda.

Shuningdek, 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda kungaboqar va paxta urug‘lari, kungaboqar yog‘i va paxta yog‘i mahsulotlariga nisbatan eksport boji joriy etilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga 70 foiz kungaboqar yog‘i import qilinadigan Rossiya Federatsiyasida bir tonna kungaboqar yog‘i narxi 2020-yil dekabr oyida o‘rtacha 900 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yil mart oyida 1 250 dollargacha yoki 39 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan joriy yil 1-sentyabrdan bir yil muddatga kungaboqar yog‘ini eksport qilishda boj to‘lovining joriy qilinishi ham nazarda tutilgan.
Ushbu o‘zgarishlar ta’siri natijasida o‘tgan bir yil davomida mamlakatimizda kungaboqar yog‘i narxi o‘rtacha 38 foizga qimmatlashgan.