Senat Prezident davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi Qonunni ma’qulladi

  • 12:19 / 29.05.2021
  • 272

Oliy Majlis Senatining XV yalpi majlisida senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi.

Majlisda ta’kidlanganidek, Qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish ko‘zda tutilgan. 
Xususan:
– qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida qo‘llaniladigan umume’tirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va to‘g‘ri qo‘llash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;
– qo‘riqlanishi belgilangan qo‘riqlanuvchi shaxslarning toifasi;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo‘riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida boshqa davlat organlari bilan xamkorlik qilish masalalari;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmatining shaxsiy tarkibini butlash tartibi, harbiy xizmatchilarining maqomi, huquq va majburiyatlari;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan haqiqiy harbiy xizmat o‘tashning alohida jihatlari, ularga harbiy unvon berish va kasbiy tayyorgarligini tashkil etish;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi kafolatlari;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini xizmat guvohnomalari, jetonlar va harbiy kiyim-kechak bilan ta’minlash masalalari;
– Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishining batafsil shartlari va tartibi;
–  Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqiy asoslarini takomillashishiga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uyg‘unlashishiga xizmat qiladi.