Senat yangi banknotlar to‘g‘risidagi xabarga oydinlik kiritdi

  • 16:45 / 04.06.2021
  • 197

Avvalroq, O‘zbekistonda 2000 va 20 000 so‘mlik banknotlarning namunalari hamda dizaynlari ma’qullangani haqida ma’lum qilingan edi. 

Oliy Majlis Senati ushbu xabarni tasdiqlab, Senat Kengashining Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan 2 000 (ikki ming) so‘mlik va 20 000 (yigirma ming) so‘mlik banknotlarning namunalari hamda dizaynlarini ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

“Ushbu banknotlarning tavsiflari va dizayni Markaziy bank tomonidan tegishli tartibda e’lon qilinadi”, – deyiladi Senat xabarida.

Ma’lumot uchun, Markaziy bank pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega. 

Pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi. Pul belgilarining dizayni Markaziy bankning mulkidir. Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi (“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonun, 40-modda).