Senatorlar qurol to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritishni rad qildi

  • 13:51 / 29.05.2021
  • 125

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Yalpi majlisda ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan O‘zbekistonda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunning amaldagi ijrosi, uning normalarini qo‘llashda vujudga kelgan muammolar tahlil qilinmagan.

Jumladan, joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar mamlakatda “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi va o‘qotar qurolning muomalasi bilan bog‘liq qator tizimli muammolar aniqlangan.

Xususan, hozirgi kunga qadar qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagan.

O‘qotar ov quroliga egalik qilish uchun fuqaroga nisbatan tibbiy cheklovlar mavjud bo‘lsa-da, uning spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganligi, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganligi tegishli ruxsatnoma olish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Shuningdek, qurol egalarini tibbiy cheklovlar bo‘yicha davriy ravishda tekshirish, ular bilan birga yashovchi fuqarolar orasida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlariga e’tibor qaratish mexanizmlari mavjud emas.

Shu bilan birga, o‘qotar ov qurollari hamda pnevmatik va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari bilan kirish ta’qiqlangan obyektlar uchun umummajburiy tartib o‘rnatilmagan.
“Ushbu holatlar, o‘z navbatida turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga misol qilib, so‘nggi yillarda dunyo mamlakatlarida qurol
va uning o‘q-dorilari muomilasi bilan bog‘liq ro‘y berayotgan salbiy holatlar, shu jumladan kuni kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida maktabda sodir etilgan ayanchli holatni keltirish mumkin”, – deyiladi Senat xabarida.

Yuqoridagilarni inobatga olib, qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda javobgarlik choralarini belgilash maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Senatorlar tomonidan “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.