Qashqadaryoda brakonyerlar 11,2 million so‘mga baholangan tog‘ echkisini otib o‘ldirgani aniqlandi – foto

  • 13:50 / 26.08.2021
  • 174

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari Hisor davlat qo‘riqxonasi hududida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbiri davomida qonunbuzilish holatlarini aniqlashdi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Qoranqul” massivi yuqori qismida Shahrisabz tumani “Suvtushar” qishlog‘ida yashovchi fuqarolar ov miltig‘i bilan tog‘ echkisini otib, tanasini bo‘laklayotgan vaqtda ushlandi.

Noqonuniy ovchilarning yovvoyi hayvonot dunyosiga keltirgan zarari 11 mln. 25 ming so‘m miqdorida hisoblandi.

Shuningdek, nazorat reyd tadbiri davomida “Hisorak” qishlog‘ida yashovchi fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan 461 bosh qo‘y, 93 bosh echkini qo‘riqxona hududida noqonuniy boqib yurganligi aniqlandi. Bundan tashqari, “Tamsho‘sh” qishlog‘ida yashovchi fuqarolar 514 bosh qo‘y va 86 bosh echkini ruxsat etilmagan joyda boqib yurganligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan yetkazilgan umumiy zarar miqdori hisoblanganda 307 mln. 83 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilinishga sabab bo‘lishi haqida xabar berilgandi.