Shavkat Mirziyoyev Germaniya, Fransiya va yana bir qator mamlakatlar rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildi

  • 22:11 / 30.08.2021
  • 231

Muloqotda prezidentlar davlatimiz rahbarini Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan qutladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni bir qator mamlakatlar rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildi.

Jumladan, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan muloqotda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yetakchilar Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarining amaliy jihatlarini koʻrib chiqdilar, xususan, 2018-yil oktyabr oyida Parij shahridagi sammitda erishilgan kelishuvlarga muvofiq “yoʻl xaritalari”ning bajarilishini muhokama qildilar.

Bugungi kunda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qazib chiqarish, energetika, sanoat, transport va kommunikatsiyalar sohalari, kommunal xoʻjalikni modernizatsiya qilish, turizm klasterlarini rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan moliyaviy-texnik hamkorlik boʻyicha uzoq muddatli dastur qabul qilingan.

Birgalikdagi tashabbuslarni ilgari surish maqsadida joriy yil may oyida Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va Fransiya ishbilarmonlarining nufuzli delegatsiyasi ishtirokida biznes forumi oʻtkazildi.

Bir qator qoʻshma madaniy tadbirlarni yuksak darajada oʻtkazish, shu jumladan kelgusi yilning birinchi yarmida Luvr muzeyida mamlakatimizning boy madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazmani tashkil etishga kelishib olindi.

Prezidentlar Afgʻonistondagi harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashishi taʼsirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va almashinuvlarni faollashtirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Unda ikki mamlakatning koʻp qirrali sheriklik istiqbollari muhokama qilindi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotning davomi sifatida ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Koʻp qirrali munosabatlarning bugungi darajasiga yuksak baho berilib, istiqboldagi Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Oʻzaro savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish, ishbilarmonlik tashabbuslarini, Germaniyaning Siemens, Bosch, Man, Claas, Knauf va boshqa koʻplab yetakchi kompaniyalari ishtirokida yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasi loyihalari va infratuzilmani modernizatsiya qilish dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar mamlakatimiz maktablari va oliy taʼlim muassasalarida nemis tilini chuqur oʻrganish masalalariga alohida toʻxtaldilar. Oʻzaro gumanitar almashinuvlarni bundan buyon ham faol davom ettirishga kelishib olindi.

Davlatimiz rahbari Federal Prezidentga respublikamizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda koʻrsatilgan texnik-maslahat koʻmagi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga, muloqotda Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Frank-Valter Shtaynmayer fuqarolarning Oʻzbekiston orqali tranzit yoʻli bilan evakuatsiya qilinishida koʻrsatilgan katta yordam uchun yana bir bor tashakkur izhor etdi. Birgalikdagi insonparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun yaqin aloqalarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida Fransiya va Germaniya Prezidentlari davlatimiz rahbari va koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan dildan qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tilashdi.

Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev yana bir qator davlatlar rahbarlari bilan muloqot oʻtkazdi. Ular bilan tanishish uchun ushbu havolga ustiga bosing – PREZIDENTLARNING TELEFON MULOQOTLARI