Shavkat Mirziyoyev ITB sammitida qator takliflar bilan chiqdi

  • 15:04 / 02.09.2021
  • 214

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Toshkentda, Islom Taraqqiyot Banki boshqaruv kengashining 46-yillik anjumanida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z so‘zida bank faoliyatiga doir beshta yo‘nalishdagi takliflarini bildirdi.

“Bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, yirik migrasion jarayonlar, tabiiy, energetika va oziq-ovqat resurslarining yetishmovchiligi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.

Bu xavf-xatarlarni samarali yengish uchun Bankning a’zo mamlakatlari innovasiya va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish masalalarida keng qamrovli hamkorlik o‘rnatishi lozim.

Biz Islom taraqqiyot bankining ushbu jarayonlarga to‘laqonli yetakchilik qilish salohiyatiga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, Bankimiz faoliyatini quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, “Gʻarbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha – yashil koridor” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ayniqsa, bu pandemiya davrida g‘oyat katta ahamiyatga ega. Konsepsiyaning ro‘yobga chiqarilishi o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga, mamlakatlarimizning barqaror o‘sishiga va iqtisodiy jihatdan birlashishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporasiyasi hamda Investisiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporasiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozim.

Bu sa’y-harakatimiz erkin savdoni rag‘batlantirish, investisiyaviy xatarlarni sug‘urtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.

Uchinchidan, “post-kovid” davrida a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovasion tus berish juda muhim masaladir.

Jumladan:

– Islom Taraqqiyot Bankining fan, texnologiya va innovasiyalar jamg‘armasining salohiyati va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish;

– qishloq xo‘jaligiga ilg‘or ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;

– qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarning qo‘llanishini kengaytirish asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish ayniqsa dolzarbdir.

To‘rtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investision
va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish darkor. Biz bu bilan mamlakatlari-mizning o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga erishamiz.

Beshinchidan, yangi yo‘nalishlarni moliyalashtirish maqsadida,
a’zo mamlakatlar tomonidan Islom Taraqqiyot Banki kapitalini oshirish bo‘yicha avval qabul qilingan qaror ijrosini tezkor ravishda ta’minlashimiz zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Teglar