Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyada videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tadigan xalqaro sammitda nutq so‘zlaydi

  • 11:43 / 24.05.2021
  • 351

Joriy yil 30-may kuni Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tadigan 2030-yilga qadar “yashil” taraqqiyot va global maqsadlar uchun sheriklik Ikkinchi xalqaro sammitida nutq so‘zlaydi. 

Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Prezident Matbuot kotibi, shuningdek, davlat rahbarining joriy haftada ishtirok etadigan tadbirlari haqida ma’lumot berdi.

Ular:

–  Olis va chekka hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha taqdimot;
–  “O‘zagrohimoya” AJ tizimini isloh qilishga doir yig‘ilish;
–  Hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo etish, ularni infratuzilma bilan ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi;
–  Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish dasturi ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga Prezident matbuot kotibi ishtirokidagi brifingda o‘tgan hafta davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishlar tafsiloti, imzolangan hujjatlar,  shuningdek 18-may kuni BMT tomonidan O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning bir ovozdan ma’qullangani bo‘yicha ham jurnalistlarga qo‘shimcha axborotlar taqdim etildi.