Shavkat Mirziyoyev “Российские железные дороги” kompaniyasi bosh direktorini qabul qildi

  • 21:06 / 19.05.2021
  • 152

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni “Российские железные дороги” kompaniyasi (“РЖД” OAJ) bosh direktori – boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovni qabul qildi.

Temir yo‘l aloqalari sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari hamda butun mintaqaning tranzit salohiyatini samarali ishga solishga qaratilgan muhim infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari mamlakatlar temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida, shu jumladan xalqaro tarmoq tuzilmalari doirasida an’anaviy yaqin va sermahsul ishbilarmonlik aloqalari qaror topganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Pandemiya sharoitida, keng rivojlangan va o‘zaro integrasiyalashgan transport kommunikasiyalari, eng avvalo temir yo‘llar koronavirus oqibatlariga muvaffaqiyatli qarshi kurashish hamda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal sur’atini saqlab qolishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Amaliy sheriklikni kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda temir yo‘llar tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish, yuk tashishlar hajmini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi poyezdlarining qatnovini qayta tiklash va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda “Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Loyihani har tomonlama tayyorlash, shu jumladan texnik hujjatlarni ishlab chiqish va qurilishni tez fursatda boshlashga qaratilgan ishlarda ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

“Российские железные дороги” kompaniyasi rahbari Oleg Belozyorov tarmoq kompaniyalari temir yo‘llar sohasidagi sheriklikning ustuvor vazifalarni amalga oshirishda keng ko‘lamda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.