Shavkat Mirziyoyev ShHTning Dushanbedagi yubiley sammitida ishtirok etadi

  • 20:30 / 15.09.2021
  • 73

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-17-sentabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti – Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi tadbirlarida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tojikiston raisligida o‘tkazilayotgan sammit ishida ShHTga a’zo davlatlar – Hindiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi yetakchilarining ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar tomonidan Belarus Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ishtirok etadi. Majlisning faxriy mehmoni sifatida Turkmaniston rahbari taklif etilgan. Tadbirda ShHT ijroiya organlari va boshqa xalqaro institutlar rahbarlari qatnashadi.

Kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar ShHTning o‘tgan 20 yilgi faoliyatining asosiy yakunlarini ko‘rib chiqadilar, ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalarini muhokama qiladilar. Global siyosat va mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Ma’lum qilinishicha, sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasining qabul qilinishi, davlatlar rahbarlarining qarorlari va Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir boshqa ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. ShHTga raislik O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz dasturidan hamkor davlatlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar hamda Afg‘oniston bo‘yicha “ShHT - KXShT” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish o‘rin olgan.