Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” majmuasida Mustaqillik monumentining ochilish marosimida ishtirok etmoqda

  • 09:25 / 31.08.2021
  • 248

Ayni daqiqalarda "Yangi O‘zbekiston" majmuasida Mustaqillik monumentining ochilish marosimi boshlandi. 
Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

– Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifoda etadi. 

Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.  

Bu yerda sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, hunarmandchilik do‘konlari barpo etildi va etilmoqda, – dedi Prezident.

Davlat rahbari majmua yonida Olimpiya shaharchasi bunyod etilishi, unda 2025 yili Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarining asosiy musobaqalari o‘tkazilishini ma’lum qildi.  

Majmua hududida zamonaviy oliy ta’lim dargohi, tibbiyot klinikalari, xalqaro ko‘rgazma markazlari va boshqa ob’yektlardan iborat shaharcha qurilmoqda. 
Mustaqillik monumentida O‘zbekistonning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlangan.

Buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolari  aks ettirilgan.

O‘zbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi og‘ir va mashaqqatli hayoti, qatag‘on siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorat va matonati lavhalarda ko‘rsatilgan. 

- Gʻoyat qiyin va murakkab sharoitda respublika ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini o‘ylab, o‘zini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirish e’tibor markaziga qo‘yildi, dedi davlatimiz rahbari.

Monument poyiga:  “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”,  degan so‘zlar bitilgan.