Shavkat Mirziyoyev YeOII va MDHning sammitida nutq so‘zlaydi

  • 21:19 / 13.10.2021
  • 70

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev 14–15-oktyabr kunlari Yevroosioy Iqtisodiy Ittifoqi(YeOII) va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi(MDH)ning videoaloqa shaklidagi sammitlari ishida ishtirok etadi.

14-oktyabr kuni davlat rahbari Qozog‘iston raisligida o‘tkaziladigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdan tashqari majlisida kuzatuvchi maqomida nutq so‘zlaydi. 

Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentlari, Armaniston Bosh vaziri Kengash a’zolari hisoblanadi. Yig‘ilishda kuzatuvchi sifatida Kuba Prezidenti ham so‘zga chiqishi kutilmoqda.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida YeOII bilan amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi O‘zbekiston respublikasiga o‘tgan yil dekabr oyida berilgan edi. Joriy yil aprel oyida mamlakat hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilingandi.

15-oktyabr kuni esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston yetakchilari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Belarus raisligida o‘tkaziladigan tadbirda tashkilotning 30 yillik faoliyatidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari, shuningdek, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, migratsiya, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi sheriklikni yanada kengaytirish borasidagi qo‘shma rejalar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda keng mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlash masalalari ham muhokama qilinadi.

Hamdo‘stlikda hamraislik qilayotgan O‘zbekiston Prezidenti MDHni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi maqsad va vazifalariga erishish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari suradi.

Tadbir yakunida MDH makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.