Shoshilib qaror qilish tavsiya etilmaydigan 7 hayotiy holat

  • 10:00 / 14.09.2021
  • 240

Zamonaviy odamlar hayoti shiddat bilan kechib bormoqda. Bunday holatda shoshilib yashamaslikning imkoni yoʻq. Ammo, ruhshunoslar ayrim hayotiy holatlarda hech qachon shoshilib qaror chiqarmaslik kerakligini aytishadi. Zero, har bir aytilgan gap va amalga oshirilgan ishning oqibati muqarrardir!

Sevgi izhor qilishda shoshilmang

Bu borada eng avvalo tuygʻularning haqiqiy sevgi yoki shunchaki yoqtirish ekanligini tushunib olish kerak boʻladi. Biror insonni haqiqatdan ham sevib qolganingizga ishonch hosil qilmasdan turib, unga sevgi izhor qilish orqali katta xatoga yoʻl qoʻyasiz.

Hayotingiz borasida keskin qarorlar qabul qilishda shoshilmang

Kundalik hayot, ish, oʻqishdan, muammolardan charchab turgan vaqtingizda hamma narsani tashlab, boshqa shaharda koʻchib ketishni, yangi hayot boshlashni istashingiz tabiiy. Ammo, oʻtkinchi holat tufayli muhim va jiddiy qarorlar qabul qilishdan ehtiyot boʻling. Avval qaroringizni obdon oʻylab oling va oʻzgarishlarga qanchalar tayyor ekanligingizni tahlil qiling.

Odamlarga ishonch bildirishda shoshilmang

Ayniqsa, bu insonlar siz uchun notanish boʻlsa. Biz begona odamlar bilan tanishgan vaqtimizda ularga haddan tashqari katta ishonch bildirib yuboramiz, shaxsiy hayotimiz va muammolarimiz haqida soʻzlab beramiz. Birinchi taassurot yolgʻonchi boʻlishi, aytgan har bir gapingiz dushmanlaringiz tomonidan sizga qarshi ishlatilishi mumkinligini oʻylab koʻring.

Boshqalarni muhokama qilishga shoshilmang

Atrofingizdagi odamlarni omadsizliklari, odmi kiyingani, hayotdan koʻp nolishi, toʻlachadan kelgani uchun tanqid qilishga shoshilmang. Ularni shu holatga aslida nimalar olib kelgani haqida hech narsa bilmaysiz-ku?! Kimlardir kasalligi tufayli ortiqcha vazndan qutula olmaydi, yana kimningdir uyida siz koʻra olmaydigan muammolari bor, shu sababli u boshqalar koʻzida omadsiz insondek koʻrinadi. Shunday ekan, boshqalarni muhokama qilishga shoshilmang.

Boshqalarga rejalaringiz haqida aytib berishdan tiyiling

Asablaringizni asrash va biror narsani bajarishingiz kerakligini doimiy ravishda eslatib turishlarini istamasangiz, oʻz rejalaringiz va oʻy-fikrlaringiz haqida boshqalarga aytishga shoshilmang.

Oila qurishda hech qachon shoshilib qaror qilmang

Atrofingizdagilar “Toʻy qachon?” degan savol bilan sizni tinch qoʻymayotgan, tengdoshlaringiz esa allaqachon oʻz baxtini topib ketgan boʻlsa, bu sizni tushkunlikka tushirib qoʻyishi mumkin. Ammo, atrofdagilarning fikri, vaqt oʻtib borayotgani, boshqa ilojingiz yoʻqligi, tengdoshlaringizdan qolib ketmaslik, oila aʼzolaringizning taʼnalaridan qutulish uchun turmushga chiqish yoki uylanish – yaxshi fikr emas. Oila qurish yengil-yelpi qaraydigan tushuncha emasligini unutmang.

Yashashga shoshilmang

Bolalar bogʻcha vaqtida maktabga borishni, keyin tezroq maktabni tugatishni, tezroq oʻqishga kirishni, oʻqish vaqtida tezroq uni tugatib ishga joylashishni orzu qilishadi. Hammaning orzusi – nimanidir tezroq tugatib olib, nimagadir yetishish, tezroq ulgʻayish. Ammo, hayot mana shu zaylda oʻtib borayotganini anglaganda juda kech boʻladi. Yashashga shoshilmang, har bir kundan zavq oling. Hayotning har bir bosqichi – oʻziga yarasha betakror. Har bir daqiqadan zavq ola bilsangiz, umrni behudaga oʻtkazmagan boʻlasiz.