Shvetsiya bosh vaziri isteʼfoga chiqdi

  • 18:04 / 28.06.2021
  • 212

Shvetsiya bosh vaziri Stefan Leven isteʼfoga chiqqanini maʼlum qildi. Mamlakatda qoʻshimcha saylov oʻtkazilmaydi.

Leven parlament spikeri Andreas Norlendan yangi hukumat tuzishni soʻragan. Bundan bir muddat avval Shvetsiya parlamenti tarixda ilk marta bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik bildirgan edi. Deputatlarning 181 nafari bosh vazirga qarshi, yana 168 nafari uni yoqlab ovoz berishgan.

Levenga yangi saylovlar oʻtkazish haqida qaror qilish yoki isteʼfoga chiqish tanlovi uchun bir hafta vaqt berilgan.

Shvetsiyaning “Soʻl partiyasi” ijara bozorida oʻzgarishlar qilishdan voz kechgani tufayli hukumatga nisbatan ishonch yoʻqolganini aytib oʻtgan.

Stefan Leven Shvetsiya hukumatini 2014-yildan beri boshqarib kelayotgan edi.