Sirdaryoda bir-biriga tutash uylarda yong‘in sodir bo‘ldi

  • 21:39 / 18.09.2021
  • 162

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida bir-biriga tutash qurilgan uylarda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Oqoltin tumanida 18-sentabr kuni soat 16:08 da Ahillik mahallasi Bunyodkor ko‘chasida joylashgan xonadonlarda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan. 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 16:25 da yetib borib, yong‘in soat 16:28 da o‘rab olingan va 17:15 da holat bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida uylarning taxminan 190 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va ichki qismi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.