Sizni kuchli shaxsga aylantiruvchi 5 odat

  • 09:36 / 19.07.2021
  • 395

Kuchli shaxs deganda nimani tushunasiz? Ushbu jumla insonning jismoniy yutuqlariga emas, ruhiy holatiga urgʻu beradi. Biz sizga keltirib oʻtmoqchi boʻlgan quyidagi odatlar sizni kuchli shaxs sifatida rivojlantirishga yordam beradi.

Hissiyotlarni nazorat qilish

Ruhan kuchli shaxslar oʻz his-tuygʻularini atrofdagilarga hadeganda koʻrsataverishmaydi. Ayrimlar ularni haddan tashqari sovuqqon inson sifatida taʼriflashi mumkin, aslida esa ular tabiatan sovuqqon boʻlishmaydi. Shunchaki his-tuygʻularini kerakli usulda nazorat qilishni bilishadi.

Sogʻlom optimizm

Hayotingizning har bir kunini optimistik kayfiyatda oʻtkaza olmaysiz, albatta. Ammo, kuchli shaxslar hayotda qanchalar murakkab vaziyatlarga toʻqnash kelmasinlar, hech qachon bundan nolishmaydi. Ular aksariyat holatlarda vaziyatga optimizm bilan yondashadilar.

Muammolarni yechishga harakat qilish

Ayrimlar muammoga duch kelib qolsalar, oʻtirib hayotdan nolishni boshlaydilar. Kuchli shaxslar esa oʻrnilaridan turib, muammoni yechish uchun harakatni boshlashadi. Kuchli odamlar muammolarning oʻz-oʻzidan hal boʻlib qolmasligini yaxshi bilishadi va uning yechimini topishadi.

Chegaralarni belgilash

Kuchli shaxslar ayrim hollarda atrofdagilarga qoʻpollik qilib qoʻyishlari ham mumkin. Sababi ular oʻzlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, ularni tinmay tanqid qiladigan, koʻnglida kiri bor odamlarni oʻzlaridan uzoqlashtirishadi. Ularning davrasidan chiqish uchun oʻzlarida kuch topa biladilar. Buning uchun kerak boʻlsa andishani ham chetga surishadi.

Vaqtni toʻgʻri taqsimlash

Vaqt – mavjud tushunchalarning eng qimmatlisidir. Uni ongli ravishda va ehtiyotkorlik bilan sarflashni bilish zarur. Kuchli shaxslar oʻz vaqtlaridan unumli foydalanishadi, uni bekorchi narsalar, oʻtkinchi hoyu-havaslarga sarf etishmaydi.