Soch toʻkilishiga qarshi foyda beruvchi tabiiy niqoblar

  • 10:10 / 09.06.2021
  • 192

JSST maʼlumotlariga koʻra, sayyoramizning 40% aholisi soch toʻkilishidan aziyat chekadi. Bu faqatgina erkaklarning muammosi degan fikr ham haqiqatdan yiroq.

Asosiy sabablar:

1. Stress

2. Irsiyat

3. Qalqonsimon bez kasalliklari

4. Gormonal oʻzgarishlar

5. Dori vositalarini qabul qilish, jumladan:

           a) qon bosimini tushiruvchi vositalar

           b) homiladorlikdan saqlovchi vositalar

           s) ruhiyatga taʼsir qiluvchi dorilar

          d) turli infeksiyalarni davolashga yordam beruvchi vositalar

6. Sochlarga doimiy ravishda dazmol va fen bilan ishlov berish

7. Qatʼiy parhez

8. Zamburugʻli kasalliklar va viruslar

9. Gipovitaminoz

 

Sochlar toʻkilishiga qarshi qanday kurashish mumkin:

1. Sogʻlom turmush tarziga amal qiling. Toza havoda sayr qilish, toʻlaqonli uyqu, jismoniy faollik shular jumlasiga kiradi.

2. Tabiiy niqoblardan foydalaning.

• Asalli niqob

2-3 oshqoshiq quyuq asal sochlar ildiziga uqalovchi harakatlar bilan surtiladi. Niqob surtilgan sochlar plyonka hamda sochiq bilan oʻraladi va 1 soatdan keyin iliq suvda yuvib tashlanadi. Ushbu niqobni haftada 2 martagacha takrorlash mumkin.

• Chakamugʻ moyidan tayyorlangan niqob

Chakamugʻ moyi (repeynoye maslo) ni ozroq qizdirib, 2 oshqoshiq asal va 2 oshqoshiq limon sharbati bilan qorishtiring. Aralashmani suv bugʻida qizdirib oling. Soviganidan keyin esa ichiga 2 ta tuxum sarigʻi qoʻshing. Niqobni sochlar uzunligi boʻylab surting va bir soatdan keyin iliq suvda yuvib tashlang.