Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishga oid videoselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi

  • 11:22 / 17.05.2021
  • 293

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning samaradorligini  oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Prezident matbuot kotibi ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan brifingda shuningdek, Prezidentning Tojikistonga bo‘ladigan bo‘lajak tashrifida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun faqat amaliy bitimlar imzolanishi, hech qanday hadli memorandumlar bo‘lmasligi ma’lum qilindi. 
“Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni barcha bitimlar pishiq-puxta bo‘lishi, ularning moliyalashtirish manbalari, ijrochi va muddatlari aniq bo‘lishi lozimligi haqida mas’ullarga topshiriq bergan”, – deydi Sherzod Asadov.

Bundan tashqari, joriy haftada Prezident ishtirokida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimini takomillashtirish yuzasidan taqdimot hamda ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Prezident: 
– Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Anna Byerdeni qabul qiladi;
– Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.