Sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘lar samarasini xalq sezishi kerak – Prezident

  • 09:32 / 19.05.2021
  • 420

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-may kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 250 dan ziyod kasalliklarning 87 tasini birlamchi bo‘g‘inda davolash mumkin. Buning uchun mazkur bo‘g‘inni malakali kadrlar, shoshilinch yordam uchun zarur 50 xil dori va 16 turdagi tibbiyot vositalari bilan ta’minlash kerak.

Prezident surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash, ayniqsa, yurak-qon tomir va oshqozon-ichak xastaliklari profilaktikasini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Birlamchi bo‘g‘inda davolash zarur bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha bepul tibbiy xizmatlar paketi joriy etilishi belgilandi. 

– Tibbiyotdagi islohotlarni sifatli, manzilli amalga oshirsak, odamlar rozi bo‘ladi, sog‘lig‘ini tiklab oladi. Soha mutasaddilari, hokimlar har bir qishloq shifokori bilan, hamshiralar bilan gaplashib, jahon tajribasini o‘rganib, chora-tadbirlar ko‘rsa, albatta o‘zgarish bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda oilaviy shifokorlar malakasini oshirish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis va chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilish kerakligi qayd etildi. Oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarda shtatlar normativi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malaka talablari, jihozlash standartlarini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. 
– Sog‘liqni saqlash tizimiga har yili bir necha trillionlab mablag‘ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samarasini xalqimiz sezishi kerak, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.