Soliqchilarning daromad va aktivlari majburiy deklaratsiyadan o‘tkaziladi – Loyiha

  • 16:32 / 08.05.2021
  • 261

Davlat soliq xizmati organlari xodimlari o‘z daromadlari va egaligida bo‘lgan aktivlarini majburiy deklaratsiyalash tartibi joriy etilishi mumkin. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli Farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Unga muvofiq 2021-yil 1-iyuldan davlat soliq xizmati organlarining boshqaruv xodimlari o‘z daromadlari  va egaligida bo‘lgan aktivlarni majburiy deklaratsiyalash tartibi  joriy etiladi. Shuningdek, ushbu muddatdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari – jismoniy shaxslar aktivlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani ixtiyoriylik asosida taqdim etishga haqli.

Belgilanishicha, mazkur Farmon ijrosi doirasida jismoniy shaxslarning daromadlari hamda egaligida bo‘lgan aktivlar to‘g‘risida deklaratsiyalarni topshirish muddatlari etib:
–  2020-yil uchun – 2021-yil 1-sentyabrga qadar; 
–  2021-yil va keyingi yillar uchun har yili – hisobot yilidan keyingi yilning 1-apreliga qadar belgilanmoqda.

Deklaratsiyalarda keltirilgan aktivlar va ularning daromadlarga muvofiqligini o‘rganish natijalarini e’lon kilish muddatlari etib esa: 
–  2020-yil uchun – 2021-yil 1-noyabrga qadar; 
–  2021-yil va keyingi yillar uchun – hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayiga qadar belgilanmoqda.

Deklaratsiyada keltirilgan aktivlar kelib chiqish manbasining asosliligi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasida hisobga olinganligi esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘rganiladi.

Shuningdek, mazkur deklaratsiya jismoniy shaxs tomonidan doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay elektron shaklda taqdim etiladi. Deklaratsiyada jismoniy shaxsning O‘zbekistondagi va chet eldagi barcha daromadlari ko‘rsatiladi. 
Jismoniy shaxsning yillik daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (davlat soliq xizmati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida) deklaratsiyani to‘ldirish jarayonida taqdim etiladi.