“So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni harakatdagi avtomobil eshiklariga o‘tirib nishonlagan bitiruvchilar masalasi muhokama qilindi

  • 10:23 / 31.05.2021
  • 235

Ijtimoiy tarmoqlarda "Kim bu erkatoylar?" sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.

Mazkur videolavhada bir guruh maktab bitiruvchilarining o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, yo‘lning qatnov qismida jami 6 ta harakatlanib ketayotgan yengil turdagi avtomobillar eshiklariga chiqqan holida “sayr” qilib ketayotgani aks etadi.

IIV YHXBB xabariga ko‘ra, holat joriy yilning 25 may kuni Andijon viloyati Paxtaobod tumani “Yuqori” MFY hududida sodir bo‘lgan. Ushbu hududda xizmat olib borgan YPX xodimi O.Ortiqov tomonidan jami 5 ta “Lasetti” va 1 ta “Neksiya-3” rusumli avtomobillar to‘xtatilgan.

Avtomobillar haydovchilariga nisbatan qoidabuzarliklar bo‘yicha tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, qoidabuzarlik sodir etgan 11-sinf bitiruvchilarining ota-onalari, maktab direktori va sinf rahbarlari o‘rtasida muhokama o‘tkazilib tegishli choralar belgilangan.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ota-onalardan haydovchilik guvohnomasi olmagan farzandlariga avtotransport vositasini boshqarishiga ruxsat bermasliklarini so‘ramoqda.