Sovrin jamgʻarmasi 50 ming AQSh dollariga teng boʻlgan shaxmat musobaqasi gʻoliblari aniqlandi

  • 08:25 / 31.08.2021
  • 179

Samarqandda birinchi xalqaro “Sohibqiron kubogi-2021” musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Samarqand shahrida shaxmat boʻyicha birinchi marotaba oʻtkazilgan “Sohibqiron kubogi-2021” xalqaro turniri oʻz yakuniga yetdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi maʼlum qildi.

Rapid va blis yoʻnalishlarida oʻtkazilgan musobaqaning umumiy sovrin jamgʻarmasi 50 ming AQSh dollarini tashkil etib, unda 10 dan ortiq xorijiy davlatlar vakillari gʻoliblik uchun dona surishdi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan musobaqaning rapid yoʻnalishida dastlabki uchta oʻrinni yurtimiz shaxmatchilari qoʻlga kiritishdi. Jumladan, yaqinda Toshkentda oʻtkazilgan Georgiy Aʼzamov xotirasiga bagʻishlangan 14-anʼanaviy xalqaro turnir gʻolibligini qoʻldan chiqargan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov bu safar qoʻpol xatoga yoʻl qoʻymadi va yakunda 1-oʻrinni egalladi.

Keyingi oʻrinlarni mos ravishda Shamsiddin va Jahongir Vohidovlar egalladi. Faqat 4-oʻrin armanistonlik Manuel Petrosyanga nasib etdi. Kuchli beshlikni esa qoʻshni Qozogʻiston vakili Azamat Utegaliyev yakunlab berdi.

Quyida “Sohibqiron kubogi-2021” xalqaro turnirining boshqa yoʻnalishlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan shaxmatchilar:

20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida:

1-oʻrin – Abdisalimov Abdimalik (Oʻzbekiston),

2. Rahmatullayev Almas (Oʻzbekiston),

3. Sindarov Javohir (Oʻzbekiston).

Faxriylar oʻrtasida:

1. Baimurzin Aitkazi (Qozogʻiston),

2. Ziyayev Negmat (Tojikiston),

3. Vladimirov Vladimir (Oʻzbekiston).

Ayollar oʻrtasida:

1. Omonova Umida (Oʻzbekiston),

2. Semyonova Irina (Oʻzbekiston),

3. Yoqubboyeva Nilufar (Oʻzbekiston).

20 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida:

1. Salimova Asal (Oʻzbekiston),

2. Saparova Sitora (Oʻzbekiston),

3. Kurmangaliyeva Liya (Qozogʻiston).

12 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻrtasida:

1. Suyarov Muhammadzohid (Oʻzbekiston).

12 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida:

1. Hamdamova Afruza (Oʻzbekiston).

Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar, qolaversa tegishli oʻrinlarni egallagan shaxmat ustalari tashkilotchilar tomonidan medal, diplom hamda tegishli pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.