“S&P Global Ratings” O‘zbekistonning kredit reytingi prognozini “Salbiy”ga o‘zgartirdi

  • 09:33 / 06.06.2020
  • 848

Kecha, 5-iyun kuni “S&P Global Ratings” xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. 

Hisobotda agentlik O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” darajada saqlab qolgan va quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:

– Hukumatning keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ilgarilagani e’tirof etilgan; 

– Mamlakat institutsional islohotlarda muvaffaqiyatga erishayotgani ta’kidlangan. Xususan, “Doing Business”, “Korrupsiyani qabul qilish” indekslari va Jahon bankining boshqaruv ko‘rsatkichlarida mamlakatning o‘rni sezilarli darajada yaxshilaganligi e’tirof etilgan; 

– 2019-yilda boshlangan bank sektori islohotlari natijasida bank tizimida dollarlashuv darajasining pasaygani hamda bu o‘z o‘rnida, kredit bozori segmentatsiyasini kamaytirishga qaratilgan choralar bilan uyg‘unlikda Markaziy bankning inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tishiga va monetar siyosatining ta’sirchanligini oshirishiga xizmat qilishi ko‘rsatilgan;

– Soliq islohotlari natijasida soliq bazasi kengaygani va undirish sur’atlari oshgani hamda davlatda fiskal shaffoflik ortgani qayd etilgan;

– Respublika uchun davlat ulushiga ega korxonalar islohoti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish hukumat oldida turgan ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganiga urg‘u berilgan.

Biroq mazkur hisobotda mamlakat kredit reytingining kutilmasi “Barqaror”dan “Salbiy”ga o‘zgartirilgan.

Ushbu “Salbiy” kutilma koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’siri hamda investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan mablag‘lar hisobiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi so‘nggi 12 oy davomida sezilarli o‘sgani bilan izohlangan.

Shu bilan birga, “S&P Global Ratings” tomonidan davlat tashqi qarzi yuqori sur’atlar bilan o‘sishiga qaramay, u bilan bog‘liq xatarlar hanuz past darajada ekanligi e’tirof etilgan.