“SpaceX” navbatdagi raketani kosmosga uchirdi. Uning ichida toʻrtta kosmik sayyoh bor

  • 11:02 / 16.09.2021
  • 185

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskka tegishli boʻlgan “SpaceX” kompaniyasi toʻrt nafar kosmik sayyohni kosmosga uchirdi. Raketa Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan 15-sentyabr kuni, mahalliy vaqt bilan 20:03 da parvozni amalga oshirgan.

Bu insoniyat tarixidagi birinchi fuqaroviy kosmik missiya boʻlib, raketa bortidagi ekipaj aʼzolari orasida birorta ham professional kosmonavt yoʻq.

Kosmosga uchgan sayyohlar orasida parvozga homiylik qilgan tadbirkor, ekipaj komandiri Jared Isaakman, tadqiqotchi Sian Proktor, shifokor Xeyli Arsenoks va AQSh HHK veterani Kristofer Sembroksilar bor.

Endilikda Yerni orbitadan turib koʻrish imkoniyati har kimda, hattoki salomatligi bilan bogʻliq muammolari mavjud boʻlgan insonlarda ham bor. Misol uchun, sayyohlar orasidagi Xeyli Arsenoks bolalikda suyaklar saratonini boshdan kechirgan va kasallik tufayli bitta oyogʻidan ayrilgan.

“SpaceX” ning maʼlum qilishicha, kosmosga yoʻl olgan jamoa “kelgusida uzoq vaqt davom etadigan kosmik parvozlar mobaynida odamlar salomatligini yaxshilashga yoʻnaltirilgan” ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish bilan shugʻullanishadi.