Statistika: Erkaklar va ayollar kundalik yumushlar uchun qancha vaqt sarflashadi?

  • 11:08 / 23.08.2021
  • 309

“Erkaklar – Marsdan, ayollar – Veneradan” degan gapni hech eshitganmisiz? Ushbu ibora nafaqat shaxsiy munosabatlar, balki ikki jins vakillarining turmush tarziga ham tegishlidir. Ular barcha masalalarda turlicha fikrlaydilar, bu ilmiy va ijtimoiy tadqiqotlar yordamida ham isbotlangan. Erkaklar va ayollar kundalik yumushlar uchun qancha vaqt sarflashlarini bilasizmi? Ular oʻyin-kulgi, tozalik ishlari, farzandlar tarbiyasiga oʻrtacha qancha vaqt ajratishadi?

Shaxsiy gigiyena

Koʻpchilik shaxsiy gigiyena uchun ayollar koʻproq vaqt sarflashadi deb oʻylaydi. Aslida esa tadqiqotlar davomida erkaklarning shaxsiy gigiyena uchun ayollarga nisbatan koʻproq vaqt sarflashlari isbotlangan. Ayollar bu masalada chaqqonroq boʻlishadi, ammo pardoz-andoz va yuz parvarishini ham qoʻshib hisoblaganda ular erkaklarni ortda qoldiradilar.

Internet

Statistik maʼlumotlarga koʻra, ayollar oʻrtacha hisobda haftasiga 24 soatni internetda oʻtkazishadi. Erkaklarda esa bu koʻrsatkich haftasiga 17 soatga teng. Biroq, mana shu oʻrinda onlayn-oʻyinlarga mukkasidan ketgan va virtual olamdan ajrala olmaydigan erkaklar ham borligini unutmaslik kerak. Ayollarga esa koʻproq ijtimoiy tarmoqlar qiziq.

Muloqot

Ayollar atrofdagilar bilan muloqot qilish uchun har kuni erkaklarga nisbatan 1 soat koʻproq vaqt sarflashadi. Erkaklarda ijtimoiy faollik koʻrsatish masalasida hech qanday muammo yoʻq, ular gʻiybat qilmaslik hisobiga vaqt tejab qoladilar.

Oʻyin-kulgi

Ayollarda ish, oila, roʻzgʻor yumushlari tashvishi boʻlgani uchun ularning oʻyin-kulgiga koʻp vaqtlari qolmaydi. Shu sababli erkaklar oʻyin-kulgi, yaqinlar bilan uchrashuvlar, koʻngilochar yumushlarga ayollarga nisbatan koʻproq vaqt sarflashadi.

Tozalik

Statistik maʼlumotlarga koʻra, ayollar tozalik ishlari uchun bir haftada 15 soat vaqt sarf etishadi. Erkaklar esa tozalik masalasiga deyarli eʼtibor qaratmaydilar. Ular kiyim-kechaklari, xonalari, shaxsiy buyumlarining hamisha toza turishini ayollardan talab qilishadi va koʻp holatlarda bunday ishlar uchun oʻzlari hech qancha vaqt sarf etishmaydi.

Bolalar

Ayollar oʻz vaqtining asosiy qismini farzandlar tarbiyasiga bagʻishlaydilar. Ular bolalarini ovqatlantirishadi, sayrga olib chiqishadi, turli narsalarni oʻrgatishadi, bolani parvarish qilishadi. Erkaklar esa farzandlari bilan birga oʻynash uchun haftasida oʻrtacha 6 soat vaqt sarf etar ekanlar.