Stiven King shu kungacha koʻrgan eng dahshatli filmi nomini oshkor qildi

  • 10:33 / 03.06.2021
  • 435

Amerikalik yozuvchi, “U”, “Yogʻdu” kabi dahshatli filmlarning syujet muallifi, “Dahshat qiroli” deb eʼtirof etilgan adib Stiven King shu kungacha oʻzi tomosha qilgan eng qoʻrqinchli filmi nomini oshkor qildi.

Yozuvchining aytishicha, 1999-yilda suratga olingan xorror janridagi “Blerlik jodugar: Narigi dunyodan kurs ishi” filmini koʻrishga haqiqatdan qoʻrqqan.

“Men bu filmni ilk marta tomosha qilganimda kasalxonada ogʻriq qoldiruvchi vosita taʼsirida yotgandim. Oʻgʻlim film yozilgan kassetani olib keldi va “Buni koʻrishingiz kerak” dedi. Filmning yarmiga kelganda uni oʻchirib qoʻyishni soʻradim. U haddan tashqari dahshatli edi”, dedi King.

“Blerlik jodugar” filmi mahalliy afsonalar qahramoni – Blerlik jodugar haqida kurs ishi tayyorlayotgan uch nafar kollej oʻquvchisi haqida olingan. Ular kurs ishini tayyorlash jarayonida oʻrmonda adashib qolishadi. Film maxsus effektlar, grafika, tahlikali sahnalar va qoʻrqinchli musiqalarsiz ham oʻta dahshatli chiqqan. Suratga olish ishlari uchun kamtarona byudjet ajratilgan. Ijodkorlar 60 000 dollar evaziga film ishlaganlar va undan 248 million dollar daromad olishgan. Kino xarajat va foyda nisbati boʻyicha mutloq rekordchiga aylangan.