Surxondaryoda daraxtlarning noqonuniy kesilishi davom etmoqda 

  • 07:15 / 10.07.2021
  • 172

So‘nggi paytlarda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishlariga, albatta, ekologik muvozanatning kundan-kunga buzilib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Bog‘lar va xiyobonlar o‘rnini beton uylar, yo‘l bo‘ylaridagi daraxtlar o‘rnini reklama bannerlari egallayotgan bugungi kunda daraxtlarga ommatan qiron keltirish, atrofdagi ko‘pchilik – jamoatchilikni ham o‘z jinoyatlariga ko‘niktirib qo‘ydi.

Ammo o‘z fuqarolik majburiyatlarini yaxshi bilgan va atrofidagi tabiat mulkiga bo‘layotgan tajovuzlarga ko‘z yumib keta olmaydigan yurtdoshlarimiz ham borligi tahsinga loyiq.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Termizda Mashhura klinikasi oldida 20 dan ortiq daraxt kesib tashlanibdi” mazmunida chiqqan murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyati

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Termiz shahar inspeksiyasi o‘rganish ishlari olib bordi. 

O‘rganish jarayonida  fuqaro A.E tomonidan 2 tup qarag‘ay (sosna) daraxtlari noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib olinganligi aniqlandi. 

Aniqlangan holat yuzasidan huquqbuzar A.E. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-modda 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari, ya'ni 1 225 000 so‘m miqdorida ma'muriy jarima va o‘simlik dunyosiga 2 mln. 665 ming so‘m miqdorida zarar hisoblandi.

Hozirda jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, “Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK”ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxtlar ruxsatnomasiz kesib tashlangani va unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 2 mln. 245 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangani xabar qilingan edi.